Yangiliklar

2026-06-01

TRANSYOGʻLAR – SALOMATLIK UCHUN YASHIRIN XAVF

topics-img

Inson salomatligini mustahkamlash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda to‘g‘ri ovqatlanish muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligiga doir masalalar jahon hamjamiyati e’tiborida bo‘lib, mahsulotlar tarkibidagi zararli komponentlarni kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday salomatlik uchun xavf tug‘diruvchi moddalardan biri transyog‘lar hisoblanadi.
 
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, transyog‘larni muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, semirish va boshqa surunkali xastaliklar rivojlanishi xavfini oshiradi. Shu bois aholining transyog‘lar haqidagi xabardorligini oshirish va ularning iste’molini cheklash dolzarb vazifalardan biri sanaladi.
 
Transyog‘lar nima?
Transyog‘lar – to‘yinmagan yog‘ kislotalarining o‘zgargan shakli bo‘lib, asosan sanoat sharoitida o‘simlik moylarini gidrogenlashtirish jarayonida hosil bo‘ladi. Bu jarayon moylarning saqlanish muddatini uzaytirish, mahsulotning ta’mi va tashqi ko‘rinishini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi.
 
Transyog‘lar tabiiy ravishda ayrim hayvon mahsulotlarida juda kam miqdorda uchrashi mumkin. Biroq inson salomatligi uchun asosiy xavf sanoat usulida hosil qilingan sun’iy transyog‘lar bilan bog‘liqdir.
 
Oziq-ovqat sanoatida transyog‘lar arzonligi, uzoq muddat saqlanishi va mahsulot tuzilishini yaxshilashi sababli keng qo‘llanib kelingan. Biroq keyingi ilmiy tadqiqotlar ularning inson organizmiga salbiy ta’sirini isbotlab berdi.
 
Transyog‘larning organizmga zarari. Yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi
 
Transyog‘lar qondagi past zichlikdagi lipoproteidlar (LDL) miqdorini oshirib, yuqori zichlikdagi lipoproteidlar (HDL) miqdorini kamaytiradi. Natijada qon tomirlarda xolesterin yig‘ilib, ateroskleroz rivojlanishiga zamin yaratadi.
 
Bu esa infarkt, insult, gipertoniya va boshqa og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada oshiradi.
 
Semirish va moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi
Transyog‘lar organizmda energiya almashinuvini izdan chiqarishi mumkin. Ularning ortiqcha iste’moli ortiqcha vazn to‘planishiga, qorin sohasida yog‘ qatlamining ko‘payishiga va semirish rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
 
Semirish esa o‘z navbatida qandli diabet, gipertoniya va yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy xavf omillaridan biri hisoblanadi.
 
Qandli diabet xavfini kuchaytiradi


Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, transyog‘lar hujayralarning insulinga sezgirligini pasaytirishi mumkin. Bu holat insulin rezistentligi rivojlanishiga va keyinchalik 2-tur qandli diabet kelib chiqishiga olib keladi.
 
Immun tizimi va yallig‘lanish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatadi


Transyog‘lar organizmda surunkali yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytirishi mumkin. Yallig‘lanish ko‘plab kasalliklar, jumladan yurak-qon tomir kasalliklari, diabet va ayrim onkologik kasalliklarning rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.
 
Bolalar va homilador ayollar uchun xavfli
Bolalar organizmi tashqi ta’sirlarga nisbatan sezgir bo‘lganligi sababli transyog‘larning salbiy ta’siri ularda yanada kuchli namoyon bo‘lishi mumkin.
 
Homiladorlik davrida esa transyog‘larni ortiqcha iste’mol qilish homilaning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud.
 
Qaysi mahsulotlarda transyog‘lar uchraydi?

 

Transyog‘lar ko‘pincha quyidagi mahsulotlar tarkibida uchraydi:
· Margarin va spred mahsulotlari;
· Chipslar va turli gazak mahsulotlari;
· Fast-fud taomlari;
· Qovurilgan yarim tayyor mahsulotlar;
· Pechenye, kreker, vafli va tortlar;
· Qandolat mahsulotlarining ayrim turlari;
· Uzoq saqlanuvchi non-bulka mahsulotlari.
 

Shuning uchun mahsulot xarid qilishda uning tarkibiga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.
 
Transyog‘larni qanday aniqlash mumkin?

 

Mahsulot yorlig‘ida quyidagi yozuvlar mavjud bo‘lsa, unda transyog‘lar bo‘lishi ehtimoli yuqori:
· «Qisman gidrogenlashtirilgan o‘simlik moyi»;
· «Gidrogenlashtirilgan yog‘»;
· «Qattiqlashtirilgan o‘simlik moyi».
 

Iste’molchilar mahsulot tanlashda ushbu ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
 
Oldini olish choralari

 

Transyog‘lar iste’molini kamaytirish maqsadida quyidagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq:
· Tabiiy o‘simlik moylaridan foydalanish;
· Yangi tayyorlangan ovqatlarni iste’mol qilish;
· Sabzavot va mevalar ulushini ko‘paytirish;
· Fast-fud va yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarni cheklash;
· Oziq-ovqat mahsulotlari yorlig‘ini diqqat bilan o‘qish;
· Bolalar rasionida sanoat usulida tayyorlangan gazaklar ulushini kamaytirish.
 

Transyog‘lar inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi omillardan biri hisoblanadi. Ular yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, semirish va boshqa surunkali xastaliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, mahsulotlar tarkibi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish va transyog‘lar iste’molini cheklash muhim ahamiyat kasb etadi.
 
Sog‘lom ovqatlanish – sog‘lom hayot garovidir. Har bir inson o‘z rasionni to‘g‘ri tashkil etish orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkin.
 

Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati