Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi” kubogi uchun futbol musobaqalari yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Mazkur musobaqaning guruh bosqichida jami 17 ta jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda o‘zaro bellashmoqda. Uchrashuvlar keskin va murosasiz kurashlar ostida, sport prinsiplariga to‘la rioya etilgan holda o‘tkazilmoqda.
Musobaqada Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlaridan kelgan jamoalar qatnashmoqda. Ular nafaqat g‘alaba uchun, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida ham faol ishtirok etmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, bu kabi musobaqalar mamlakatimizda futbol sport turini yanada ommalashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda sport sohasini, xususan, futbolni rivojlantirishga davlat darajasida katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar doirasida ommaviy sportni rivojlantirish, sport infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa hududlarda turli sport musobaqalarini muntazam o‘tkazishga mustahkam zamin yaratmoqda.
Musobaqa davomida har bir uchrashuv sportchilarning yuqori tayyorgarligi, jamoaviy o‘yini va g‘alabaga bo‘lgan intilishi bilan ajralib turibdi. Maydonlarda haqiqiy sport ruhi, halol raqobat, do‘stlik va hamjihatlik muhiti hukm surmoqda.
Mazkur musobaqa soha xodimlari o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, shuningdek, futbol sport turini yanada ommalashtirish va yoshlarni sportga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanepidqo'mita Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati