Yangiliklar

2026-05-19

Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlarga yanada qulay sharoitlar yaratish masalasi muhokama qilindi

topics-img

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan Samarqand viloyatida ham xorijlik turistlar oqimini yanada oshirish maqsadida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘laroq o‘tgan 2025 yilda Samarqandda turizm xizmatlari eksporti 606 mln dollarga yetgan. Shu davrda 8 million nafardan ortiq sayyoh viloyatga tashrif buyurgan. Mehmonlarning 3 million nafardan ortig‘i xorijiy, 5,3 million nafari mahalliy sayyoh hisoblanadi. Sayyohlarning qolish kunlari 2,5 kundan uch kunga uzaygan.

 
Viloyat qurilish bosh boshqarmasining majlislar zalida Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlarga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida viloyat hududidan o‘tuvchi avtomagistral yo‘llar bo‘yida turistik xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida turistik transport yo‘lagi tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish  bo‘lib o‘tdi.
 
Unda Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Turizm bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda viloyatimiz hududidan o‘tuvchi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalarining sanitariya-gigiyena shoxobchalarini yaxshilash, fuqarolar, shu jumladan turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilish masalasi muhokama qilindi.
 
Yig‘ilishda avtomobillarga gaz va yoqilg‘i quyish stansiyalari hududida qonunchilik talablariga muvofiq savdova maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish shoxobchalari va bepul wi-fi zonalari tashkil qilish tavsiya etildi. Shuningdek, mazkur shaxobchalarda jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurish lozimligi ta’kidlandi.
 
– Viloyat hokimligi va Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi, shuningdek tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda avtomagistral yo‘l yoqasidagi joylashgan yoqilg‘i qo‘yish shaxobchalarining sanitariya-gigiyena shoxobchalarini mavjudligi hamda sanitariya va shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda, deydi Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Hozirda viloyatimiz hududida besh yuzga yaqin aholiga yoqilg‘i qo‘yish shaxobchalari faoliyat yuritmoqda. Shulardan 106 tasi viloyat hududidan o‘tuvchi avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan. Ishchi guruh barcha shaxobcha egalari bo‘lgan yuridik shaxslarga aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berib, mavjud kamchilikni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar bermoqda.
 
Yig‘ilishda magistral yo‘l yoqasidagi aholiga yoqilg‘i qo‘yish shaxobchalarida qisqa muddatda xorijiy va mahalliy turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirish lozimligi belgilandi.

Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati