Yangiliklar

2026-03-27

Sifatli xizmat, toza muhit va sanitariya: zamonaviy turizm talablari

topics-img

Samarqand dunyo nigohidagi shahar va unga dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar kelishga oshiqadi. O‘tgan yilning o‘zida bu shahri azimga uch million nafar xorijiy va besh million uch yuz mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. Bugungi kunga kelib, sayyohlarning shahrimizda qolish kunlari 2 kundan 3,5 kunga uzaygani ham ma’lum. 2026 yilga 10,0 million, shundan 5,0 mln. xorijiy sayyohlarningi tarifi prognoz qilinmoqda. 

Tabiiyki, ziyoratchilarning Samarqand shahrida ko‘proq qolishi va mazmunli sayohatlari uchun ularga sifatli servis xizmati ko‘rsatilishi, tarixiy hududlardagi obodonchilik va munosib xizmat, joylashtirish vositalaridagi shart-sharoit, oshxonalarda sifatli taomlar tortilishi muhim o‘rin tutadi. Ushbu hududlar sanitariya holatlarining yuqori darajada bo‘lishi ham sayyohlarning salomatligi va Samarqand haqidagi xulosalarida katta ahamiyat kasb etadi. 

Viloyatga kelayotgan mehmonlar uchun tegishli tashkilotlarning toza-ozoda va zarur qoidalarga amal qilingan holda xizmat ko‘rsatishini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri. Bu borada sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi  viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda mehmonlarning yashash, dam olish, ovqatlanish joylariga, ziyoratgohlarga va tarixiy obidalarga malakali mutaxassislarimiz biriktirilib, turistik muassasalarda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilinishi, horijlik mehmonlarning epidemiologik osoyishtaligi va xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash doimiy nazoratga olingan.

Turistik maskanlar va ularga chegaradosh hududlarning sanitariya holati o‘rganilib, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

Barcha turistik ob’yektlarda profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun dezinfeksion brigadalar tashkil etilgan. Xususan, viloyatdagi 50 dan ziyod restoran, 165 ta mehmonxona, shuningdek, 600 dan ziyod uy-mehmonxonalar, hostellarda shu kabi profilaktik amallar bajarildi.
 
Muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan yangidan barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasining Muqaddas Ramazon hayiti arafasida tantanali ravishda qayta ochilishi yurtimiz ahli va xorijlik ziyoratchilar uchun muhim voqea bo‘ldi. Yangi qiyofada barpo etilgan majmua nafaqat me’moriy jihatdan, balki ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan ham alohida ahamiyatga ega.

Qayta qurilish ishlaridan so‘ng majmua imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Ilgari bir kunda 12 ming nafar ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan maskan endilikda kuniga 65 ming nafargacha ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega. 45 gektar maydonni egallagan majmuada 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid barpo etilgani esa uning ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Ziyoratchilar sonining ortishi esa sanitariya va gigiyena talablariga yanada katta e’tibor qaratishni talab etadi. Shu maqsadda Sanepidqo‘mitaning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan majmua hududida muntazam nazorat ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, masjid ichi va uning atrof hududlari, tahoratxonalar hamda umumiy foydalanish joylarining sanitar holati doimiy ravishda tekshirib borilmoqda. Mutaxassislar tomonidan dezinfeksiya ishlari amalga oshirilib, tozalik va gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish maqsadida chiqindilarni o‘z vaqtida tozalash, ichimlik suvi va sanitariya inshootlarini talab darajasida saqlash ishlari ham izchil davom etmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy mehmonlar uchun ham munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.

Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilayotgan sanitariya nazorati va obodonlashtirish ishlari ziyoratchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda muqaddas maskan nufuzini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadamdir.

Samarqand xalqaro aeroportidagi va temir yo‘l vokzalidagi sanitariya nazorat punkti tomonidan horijiy mehmonlarni tibbiy nazoratdan o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi, qo‘shimcha teplovizorlar o‘rnatildi.

Barcha turistik muassasalarda o‘tkazilgan laboratoriya o‘lchov natijalari bo‘yicha tashqi muhitning radiatsiya foni, elektromagnit maydon nurlanish darajasi, xonalar havosining changlanish, gazlanish darajasi, shovqin miqdori, yoritilganligi, mikroiqlim va yopiq xonalar havosining bakteriologik ifloslanishi, shuningdek, ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlari sifati sanitariya qoida va me’yor talablariga javob berishi aniqlandi.

Aytish kerakki, tashqi muhit fizik omillarining laboratoriya o‘lchovlarini o‘tkazish, ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlarining sifat va xavfsizligini tekshirish uchun viloyat boshqarmasida sanitariya-gigiyena, bakteriologiya, virusologiya, radiologiya, parazitologiya laboratoriyalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. 

Xorijiy mehmonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun viloyat shifoxonalarida, shuningdek, xususiy klinikalarda zaxira o‘rinlar tashkil etilgan. Tasdiqlangan ro‘yxat asosida dori-darmonlar va zaruriy zararsizlantiruvchi vositalar bilan ta’minlangan.

Har bir turistik muassasaga biriktirilgan mutaxassislar tomonidan mehmonlarga umumiy ovqatlanish xizmati ko‘rsatishga jalb etilgan oshpaz va ofisiantlar tomonidan taom tayyorlashda texnologik rejim va sanitariya talablariga hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etgan holda yuqori saviyada malakali xizmat ko‘rsatish ustidan kunlik nazorat o‘rnatilgan.

Latif RUSTAMOV,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi  viloyat boshqarmasi boshlig‘i.