Yangiliklar

2026-04-02

Shifokor ogohlantiradi

topics-img

So‘ngi yillarda aholi o‘rtasida sifatsiz mahsulotlarni xususan uy sharoitida tayyorlangan konservalarni iste’mol qilish natijasida guruhli zaharlanish holatlari ko‘plab qayd etilmoqda. Ayniqsa o‘tgan yilning yoz, kuz oylarida tayyorlangan va sanitariya talablariga javob bermagan sharoitda saqlangan qo‘l bola konservalarni bugungi kunda ham iste’mol qilinishi natijasida botulizm kasalligi bilan kasallanish holatlari ko‘plab qayd etilmoqda. Aksariyat hollarda o‘lim holatlari ham kuzatilmoqda.

Botulizm kasalligini kelib chiqishiga va o‘lim holatlarini qayd etilishiga xonadonlarda gigiyena talablariga rioya etilmasdan konservalarni tayyorlash holatlarini davom etayotganligi, qo‘lbola konservalarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan zaharlanishlarni og‘ir oqibatlarini har bir xonadon egalarini his etmayotganligi sabab bo‘lmoqda.

Botulizm mikroblari tashqi muhitda ko‘p tarqalgan meva-sabzavotlarga ularning sporalari tuproqdan o‘tadi, biroq o‘zi kasallik paydo qilmaydi. Zaxarlanishning yuzaga kelishi uchun oziq-ovqat mahsulotlarida mikroblar ko‘payishi va o‘zidan ekzotoksin ajratishi kerak. Botulizm mikroblari asosan anaerob “kislorodsiz” sharoitda ko‘payadi, germetik yopilgan konserva bankalari buning uchun qulay sharoit hisoblanadi, meva-sabzavot konservalarida ular tezda ko‘payadi. Botulizm mikroblari kuchli ekzotoksin hosil qiladi, mazkur toksinning 0,3 mikrogrammi o‘limga olib keladi. 

Botulizm qo‘zg‘atuvchilarining sporalari yuqori darajaga o‘ta chidamli bo‘ladi (100 daraja issiqga 6 soat, 120 daraja issiqga 10 minut bardosh berishi mumkin). Mahsulotga tushgan qo‘zg‘atuvchilar va sporalar kislorodsiz qulay sharoit yaratilgandan keyin 22-37 daraja issiqlikda ko‘payib o‘zidan toksin ajratadi. Fakat 8 %li osh tuzi eritmasi va 55 %dan yuqori shakarli muhitda toksin ishlab chiqarish to‘xtaydi Chunki kislotali muhitda botulizm qo‘zg‘atuvchilarini ko‘payishiga sharoit bo‘lmaydi.
 
Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimini zaharlaydi, kasallikni yashirin davri bir necha soatdan 2-5 kunga hatto 10 kungacha cho‘ziladi. Ko‘pchilik hollarda 12-24 soatda klinik belgilar paydo bo‘la boshlaydi. Bemor holsizlikdan, kuchli bosh og‘rig‘idan, og‘iz qurishidan,  ko‘ngil aynib qayt qilishidan va qorin sohasida kuchli og‘riqdan  shikoyat qiladi. Keyinchalik botulizm toksinlarini markaziy nerv tizimiga ta’siri natijasida bemorda ko‘z oldini xiralashuvi, narsalarni 2 ta bo‘lib ko‘rinishi, ko‘z qovoqlarini ko‘tara olmasligi, yutinishni qiyinlashishi, gapirishning qiyinlashishi kabi simptomlar kuzatiladi.

Bunday hollarda bemorga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilib, botulizmga qarshi zardob bilan davo muolajalari o‘tkazilmasa bemor nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etishi mumkin. 

⚠️AZIZ SAMARQANDLIKLAR!

Oxirgi qolgan bir banka konservani ham isrof bo‘lmasin deb iste’mol qilish natijasida o‘zingizni va oila a’zolaringizni tashvishga qoldirmang, yaxshisi uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmang, shunda siz o‘zingizni, avvalo aziz farzandlaringizni qolaversa yaqin qarindoshlaringizni botulizmdan saqlagan bo‘lasiz.  

Yusuf Raximov,

Ovqatlanish gigiyena bo‘linmasi mudiri