Yangiliklar

2026-04-16

Samarqandda axborot siyosati va ochiqlik masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

topics-img

Samarqandda axborot siyosati va ochiqlik masalalariga bag‘ishlangan “Tashkilotning ijobiy imijini yaratishda OAV bilan ishlash masalalari bo‘yicha” seminar bo’lib o’tdi. Unda Sanepidqo’mitaning Samarqand va Jizzax viloyatlari jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi. 

Mazkur seminar davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, aholi bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan tizimli va professional ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Ushbu qarorda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jamoatchilikka axborot berish tizimini takomillashtirish, axborot xizmatlari faoliyatini kuchaytirish kabi muhim vazifalar belgilangani ta’kidlandi.

Seminarda, shuningdek, OAV bilan ishlashning zamonaviy tamoyillari, axborotni tezkor, xolis va ishonchli yetkazish, inqirozli vaziyatlarda to‘g‘ri kommunikatsiya strategiyasini tanlash, feyk va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qarshi samarali kurashish masalalari yuzasidan amaliy misollar asosida tushunchalar berildi.

- Ushbu o’quv-seminarida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limlari xodimlarining vazifalari alohida ko‘rib chiqilib, ularning faoliyatida mas’uliyat, tezkorlik va professional yondashuv muhim o‘rin tutishi tushuntirildi. Ayniqsa, aholi murojaatlariga o‘z vaqtida javob berish, ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni oshirish, davlat organining ijobiy imijini shakllantirishda tizimli ish olib borish zarurligi ta’kidlandi, deydi Sanepidqo‘mita matuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maftuna Saidova. 

Maftuna Saidovaning ta’kidlashicha, tadbir doirasida “ochiqlik indeksi” tushunchasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu indeks davlat tashkilotlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi va axborot berish darajasini baholashda muhim mezon ekani qayd etildi. Mutaxassislar tomonidan ochiqlik indeksini oshirish uchun axborotlarni muntazam e’lon qilish, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda faollikni kuchaytirish, matbuot anjumanlari va brifinglarni tizimli tashkil etish kabi aniq tavsiyalar berildi.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lib, amaliy keyslar orqali mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtiirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib, kelgusidagi faoliyatlarida qo‘llash uchun zarur bo‘lgan uslubiy va amaliy tavsiyalar olishdi. 

Bu kabi seminarlar davlat idoralarida axborot siyosati samaradorligini oshirish, jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va ochiqlik tamoyillarini amalda ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.