Navro‘z va Ramazon hayiti munosabati bilan sog‘lom ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi haqida Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig’ining aholiga murojaatnomasi
✅Hurmatli fuqarolar!
🇺🇿 Yurtimizda milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan ulug‘ bayramlar — Navro‘z va Ramazon hayiti keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyomlarda oilalarimizda turli milliy taomlar tayyorlanib, mahallalarda xalq sayillari va bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Sanepidqo‘mning viloyat boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari tomonidan viloyat bo‘yicha 19 ta bozorlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan yarmarkalarga 38 nafar, 288 ta masjidlarga 288 nafar hamda shahar va tuman markazlarida "Navro‘z" umumxalq bayrami bo‘lib o‘tadigan 18 ta joylarga 36 nafar xodim biriktirildi.
Bayram kunlarida aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish hamda sog‘lom ovqatlanish qoidalariga amal qilish muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Samarqand viloyat boshqarmasi barcha fuqarolardan quyidagi sanitariya-gigiyena talablariga amal qilishlarini so‘raydi:
1️⃣ Taom tayyorlashda sifatli mahsulotlardan foydalaning. Faqat laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan va sifati kafolatlangan bug‘doy, go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlatish lozim.
2️⃣ Begona o‘t urug‘laridan tozalangan bug‘doy ishlating. “Sumalak”, “Xalisa”, “Go‘ja” kabi milliy taomlarni tayyorlashda bug‘doy tozalangan, yuvilgan va laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan bo‘lishi kerak.
3️⃣ Go‘sht va sut mahsulotlarini veterinariya nazoratidan o‘tgan holda xarid qiling. Bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari tomonidan tekshirilgan mahsulotlardan foydalanish tavsiya etiladi.
4️⃣ Noma’lum shaxslardan mahsulot xarid qilmang. Ko‘cha-kuylarda sotilayotgan kelib chiqishi noma’lum mahsulotlar turli yuqumli kasalliklar va oziq-ovqatdan zaharlanish holatlariga sabab bo‘lishi mumkin.
5️⃣ Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling. Taom tayyorlashda ishtirok etayotgan shaxslar toza kiyimda ishlashi, qo‘llarini muntazam yuvib turishi va sanitariya talablariga amal qilishi zarur.
6️⃣ Taomlarni toza va sanitariya talablariga javob beradigan sharoitda tayyorlang. Ish joylari, idish-tovoqlar va oshxona jihozlari doimo toza holda saqlanishi kerak.
7️⃣ Tayyor ovqatlarni uzoq saqlamang. Tayyorlangan taomlarni imkoni boricha shu kuni iste’mol qilish, tez buziluvchi taomlarni esa 2 soat ichida tarqatish maqsadga muvofiq.
8️⃣ Uy sharoitida tayyorlangan va xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlarni xarid qilmang. Ayniqsa tez buziluvchi salatlar, konservalar va kremli qandolat mahsulotlarini sotib olishda ehtiyotkor bo‘lish zarur.
Hurmatli fuqarolar!
Sog‘lom ovqatlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish orqali siz o‘zingiz, farzandlaringiz va mahalla ahlining salomatligini muhofaza qilishga hissa qo‘shgan bo‘lasiz.
Barchangizni kirib kelayotgan Navro‘z va Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz. Barchangizga sog‘lik-salomatlik, tinchlik va farovonlik tilaymiz.
Latif Rustamov,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.