Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat homimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning topshirig‘a asosan M-39, M-37A va M-37 avtomagistral yo‘llari bo‘yida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalari, savdo va umumiy ovqatlanish ob’yektlarida sanitar holatni yaxshilash bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Viloyatning Jizzax va Navoiy viloyatlari bilan chegaralari oralig‘idagi avtomagistral yo‘llari bo‘yida jami 184 ta umumiy ovqatlanish shohobchalari va 98 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shohobchalari faoliyat yuritib kelmoqda.
Sanepidqo‘mning viloyat boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan magistral yo‘l bo‘yida joylashgan umumiy ovqatlanish hamda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shohobchalarining sanitariya holati o‘rganilganda 39 ta umumiy ovqatlanish shohobchalarining binosi ta’mirtalab ahvolda ekanligi aniqlangan.
Shuningdek, 5 tasining hududida obodonlashtirish ishlari o‘tkazilmagan. 42 tasida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlarni ishga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilgan. 86 tasida ishchi xodimlar maxsus ish kiyimi bilan ta’minlanmagan. 3 tasida hosil bo‘lgan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha shartomalar tuzilmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari viloyatning Jizzax va Navoiy viloyatlari bilan chegaralari oralig‘idagi avtomagistral yo‘llari bo‘yida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalaridagi mavjud 98 ta sanitariya gigiyena nuqtalarining 64 tasida markaziy, 29 tasida mahalliy suv ta’minoti mavjud emasligi aniqlangan. Ularning 75 tasi markaziy kanalizatsiyaga ulanmagan.
O‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar va olib borilayotgan ogohlantirishlariga qaramasdan ayrim fuqarolar tomonidan ishchi guruh xodimlariga qarshilik bildirilayotganligi, ayrimlari esa belgilangan talabni ochiqchasiga bajarmasligini bildirmoqda.
Xususan, Oqdaryo tumanida ??? mahallasida joylashgan ushbu oshxona egasi oshxona oldidagi tandirni ichkariga kirgizmasligi, u birovning tandiri ekanligi, uni buzib kirgizish uchun 800 ming so‘m to‘lash iddao qilib, ishchi guruhning talablarini bajarmasligini bildirdi.
Ishtixon tumanidagi Xalqobod mahallasida joylashgan “Bahodir oshpaz” oilaviy korxonasiga qarashli oshxonada ham huddi shunday holatga duch keldik. Korxona egasi tandirni buzib, chekkaga qo‘yib ketganligini, uni ichkariga olish uchun odam yo‘qligini bahona qildi.
Qo‘l yuvish uchun yetarli sharoit qilinmagan. Hudud obodonlashtirilmagan. Ichimliklar tashi sh va saqlash sharoitlariga rioya etilmagan holatda sotilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Polvontepa mahallasida joylashgan "Azil BHB" MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shaxobchasining hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagan. Hojatxonaning sanitariya holati mutlaqo talabga javob bermaydi. Qo‘l yuvish uchun sharoit yaratilmagan. Zararsizlantirish vositalari mavjud emas. Chiqindilarni vaqtincha saqlash uchun o‘rnalar tashkil qilinmagan. Chiqindilar betartib holda saqlanmoqda.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun jamiyat rahbariga 5 kun muddat berilgan bo‘lsada, ammo tushuntirish va targ‘ibot ishlariga qaramasdan shaxobcha rahbariyati tomonidan hech qanday ish amalga oshirilmagan. Suv havzasining ichi iflos bo‘lib, xojatxona mutlaqo antisanitariya ahvolda turibdi.
Yuqoridagi ayrim holatlarni hisobga olmaganda, viloyat hokimining avtomagistlar yo‘l yoqasida obodonlashtirish ishlarini olib borish tashabbusini ko‘plab tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular o‘z hududlarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirib, har bir muassasa o‘zining sanitar qolatni yaxshilamoqda.
Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.